18-modda. Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilarning huquq va majburiyatlari
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-745-son) · Sana: 12.01.2022 · Amalda
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyatini gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirish;
ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborotni qatʼiy belgilangan haq evaziga taqdim etish;
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslardan gidrometeorologik axborotni olish;
gidrometeorologiya sohasidagi ilmiy mahsulotga va boshqa mahsulotga doir mualliflik huquqlarini hamda turdosh huquqlarni himoya qilish;
axborotni olish shartlari foydalanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda gidrometeorologik axborotni foydalanuvchiga taqdim etishni rad etish.
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar:
normativ hujjatlar, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq gidrometeorologik hodisalar va jarayonlarning kuzatuvlarini amalga oshirishi;
gidrometeorologik axborotni tayyorlash va taqdim etish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga rioya etishi;
bajarilgan gidrometeorologiyaga oid ishlarning hisobini yuritishi va belgilangan tartibda axborot taqdim etishi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, yuridik va jismoniy shaxslarga toʻliq, ishonchli hamda foydalana olinadigan gidrometeorologik axborotni taqdim etishi;
xavfli gidrometeorologik hodisalarning, tabiiy ofatlarning, atrof tabiiy muhit ifloslanishining rivojlanishi tahdidining oldini olish uchun kuzatuvlar natijalarini maxsus vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart.
Gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
