12-modda. Favqulodda holat joriy etilganda qoʻllaniladigan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmonida favqulodda holatning amal qilish davrida quyidagi favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi nazarda tutilishi mumkin:
favqulodda holat joriy etilgan hududda davlat boshqaruvi organlarining (ular tarkibiy boʻlinmalarining), mahalliy davlat hokimiyati organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakolatlarini toʻliq yoki qisman toʻxtatib turish;
favqulodda holat joriy etilgan hudud boʻylab harakatlanish erkinligiga nisbatan cheklovlar, shuningdek mazkur hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimi, shu jumladan mazkur hududga, zarur boʻlganda esa Oʻzbekiston Respublikasining butun hududiga chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kirishi hamda ushbu hududlarda turishiga nisbatan cheklovlar;
jamoat tartibini, oʻta muhim va toifalangan obyektlarni hamda aholining hayot faoliyatini va transportning harakatlanishini taʼminlovchi obyektlarni muhofaza qilishni kuchaytirish;
faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga, shu jumladan tovarlarni realizatsiya qilishga, ishlarni bajarishga va xizmatlar koʻrsatishga nisbatan cheklovlar;
oziq-ovqatni va eng zarur narsalarni sotish, sotib olish hamda taqsimlashning alohida tartibi;
yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar, shuningdek boshqa ommaviy tadbirlar oʻtkazilishini taqiqlash yoki cheklash;
transport vositalarining harakatini cheklash va ularni koʻzdan kechirishni amalga oshirish;
xavfli ishlab chiqarishlar hamda portlovchi, radioaktiv, shuningdek xavfli kimyoviy va biologik moddalardan foydalanadigan tashkilotlar faoliyatini toʻxtatib turish;
favqulodda holatlar munosabati bilan moddiy va madaniy qimmatliklarning yoʻq qilinishiga, oʻgʻirlanishiga yoki shikastlanishiga aniq tahdid mavjud boʻlgan taqdirda, ularni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, koʻchmas obyektlarga, shu jumladan moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan esa ularni muhofaza qilishga doir tegishli choralar koʻrish.
Favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlarga qarab, mazkur moddaning birinchi qismida, shuningdek ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 13 va 14-moddalarida nazarda tutilgan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlarning butun majmui ham, ularning ayrimlari ham joriy etilishi mumkin.
