21-modda. Noshirlik faoliyatini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat
Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-731-son) · Sana: 26.11.2021 · Amalda
Noshirlik faoliyatini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat vakolatli davlat organi tomonidan olib boriladi.
Vakolatli davlat organi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xabarnoma yubormasdan noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish hollarini aniqlash uchun belgilangan tartibda nazorat tadbirlarini oʻtkazadi.
Vakolatli davlat organi:
tekshiruvlar natijalari asosida, shu jumladan joyiga chiqqan holda, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan noshirlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq belgilangan talablar va shartlarning buzilishini koʻrsatgan holda dalolatnomalar tuzishga, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini jismoniy va yuridik shaxslar zimmasiga yuklovchi qarorlar qabul qilishga, shuningdek mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilashga;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq talablar va shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, nashriyotning faoliyatini oʻn ish kunidan oshmaydigan muddatga toʻxtatib turishga va aniqlangan qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda nashriyot faoliyatini tugatish toʻgʻrisida belgilangan tartibda sudga daʼvo arizasi berishga haqli.
