16-modda. Tayyorlovchi
Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-731-son) · Sana: 26.11.2021 · Amalda
Tayyorlovchi noshirlik mahsulotini chiqarish va koʻpaytirishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasi yoxud yakka tartibdagi tadbirkordir.
Tayyorlovchi:
noshirlik mahsulotini tayyorlashga doir shartnomalar tuzishga;
oʻz noshirlik mahsulotini tayyorlashga, shuningdek realizatsiya qilish uchun noshirlik faoliyati subyektlaridan buyurtmalar qabul qilishga haqli.
Tayyorlovchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Tayyorlovchi:
mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlashi;
noshirlik mahsulotining nashrga muvofiq tarzda tayyorlanishini taʼminlashi;
noshirlik mahsulotining sifatiga doir belgilangan talablarga rioya etishi shart.
Tayyorlovchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
