34-modda. Sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-730-son) · Sana: 23.11.2021 · Amalda
Sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan shaxsga faqat sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlashi shart.
Sugʻurtalovchi quyidagilarga haqli emas:
agar u sugʻurta shartnomasida yoki qonunda koʻrsatib oʻtilgan sugʻurta hodisasi yuz berganligi toʻgʻrisidagi dalillarni olgan boʻlsa, sugʻurta shartnomasida belgilangan muddatda sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlashni rad etishga;
agar sugʻurta hodisasining yuz berishi sugʻurta qildiruvchining (sugʻurtalangan shaxsning va (yoki) naf oluvchining) sugʻurta hodisasi yuz berishiga qaratilgan qasddan qilgan harakatlari natijasida kelib chiqqan boʻlsa, sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlashga. Bunday holda sugʻurtalovchi toʻlangan sugʻurta mukofotini qaytarmaydi.
Taraflarning kelishuviga koʻra, sugʻurtalovchi zararlarni toʻliq hisob-kitob qilguniga qadar sugʻurta tovonining bir qismini taraflardan birortasi ham nizolashmaydigan miqdorda toʻlashi mumkin.
