27-modda. Assistansning huquq va majburiyatlari
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-730-son) · Sana: 23.11.2021 · Amalda
Assistans quyidagi huquqlarga ega:
assistans xizmatlari koʻrsatilishi boʻyicha sugʻurtalovchilar bilan mustaqil ravishda shartnoma tuzish;
assistans xizmatlari koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan barcha axborot sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, assistans xizmatlari koʻrsatishni rad etish;
tegishli mutaxassislarni assistans xizmatlari koʻrsatishda ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb qilish.
Assistans qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Assistans:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
sugʻurta qildiruvchilardan (sugʻurtalangan shaxslardan) sugʻurta voqealari (sugʻurta hodisalari) toʻgʻrisidagi xabarlar kecha-kunduz qabul qilinishini tashkil etishi va sugʻurta qildiruvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga) sugʻurta shartnomasi doirasida, taqdim etilgan sugʻurta polisi asosida zarur yordam koʻrsatishi;
sugʻurta hodisalarini koʻrib chiqish va tartibga solish choralarini koʻrishi;
qonunchilikda belgilangan axborotni vakolatli davlat organining talabiga koʻra taqdim etishi shart.
Assistansning zimmasida qonunchilikka va oʻzi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
