37-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-728-son) · Sana: 15.11.2021 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasi tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar hollarida va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa holatlarda uning mulkdoridan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq olib qoʻyilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin, bunda xususiy mulk boʻlgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanib, unga rekvizitsiya toʻgʻrisida hujjat beriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini favqulodda holatlar munosabati bilan yuzaga keladigan tahdidlardan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Rekvizitsiya amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan holatlarning amal qilishi tugagach, rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining sobiq mulkdori saqlanib qolgan mol-mulkini oʻziga qaytarishni talab qilishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish zarurati mavjud boʻlmaganda yer uchastkasi ushbu holatlarning amal qilish davrida vaqtincha foydalanish uchun egallanishi mumkin va yer uchastkasining mulkdoriga uning huquqlari vaqtincha cheklanganligi munosabati bilan yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanadi.
Vaqtincha egallangan yer uchastkasini qaytarishning imkoni boʻlmagan taqdirda, uning mulkdoriga shu yer uchastkasining bozor qiymati va yer uchastkasini qaytarib berishning imkoni yoʻqligi munosabati bilan yetkazilgan boshqa zararlarning oʻrni qoplanadi.
Rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining bozor qiymati oʻrni yer uchastkasi mulkdoriga qaysi baholashga muvofiq qoplangan boʻlsa, oʻsha baholash, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish yoki yer uchastkasi mulkdorining huquqlarini vaqtincha cheklash munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuzasidan mulkdor tomonidan sud tartibida nizolashilishi mumkin.
