36-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-728-son) · Sana: 15.11.2021 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish:
faqat yer uchastkasi mulkdorining yozma roziligi olinganda amalga oshiriladi;
yer uchastkasining mulkdori hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari nomidan teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi;
basharti yer uchastkasining shartnoma qiymati davlat tomonidan oldindan toʻlansa, amalga oshiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishga faqat quyidagi maqsadlarda yoʻl qoʻyiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining obyektlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
davlat investitsiya dasturlarida koʻrsatilgan davlat taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish faqat yer uchastkalari mulkdorlari bilan qayta sotib olishning shartnoma narxi va qayta sotib olish shartlari ochiq muhokama qilinganidan keyin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan majburiy ravishda kelishilganidan keyin amalga oshiriladi.
