24-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini aniqlash va toʻlash
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-728-son) · Sana: 15.11.2021 · Amalda
Xususiylashtirish subyektiga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymati yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan, tegishli yerlar uchun xususiylashtirish paytida belgilangan yer soligʻi bazaviy stavkasining karrali miqdorlarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini belgilashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarining, shuningdek xususiylashtirish subyektlarining ayrim toifalariga, shu jumladan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilingan shaxslarga nisbatan tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni belgilashga haqli.
Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini toʻlash ijobiy qarorga ega boʻlgan xabarnoma olinganidan keyin oʻn ish kuni ichida arizachi tomonidan amalga oshiriladi.
