23-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-728-son) · Sana: 15.11.2021 · Amalda
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar quyidagilardan iborat:
yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarning mavjud emasligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkasiga nisbatan tugallanmagan sud ishlarining mavjudligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan qoʻyilgan taqiqning yoki belgilangan xatlovning mavjudligi;
aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, aholi punkti qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarida, hududlarni kompleks rivojlantirish va qurishga doir boshqa hujjatlarda yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan maʼlumotlarning mavjudligi;
yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisida ariza topshirilguniga qadar qabul qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari mavjudligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkasini sotishga yoki boshqacha tarzda oʻzga shaxsga oʻtkazishga nisbatan taqiqning mavjudligi;
arizada notoʻgʻri, bir-biriga zid boʻlgan yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlanganligi;
xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini toʻlash ushbu Qonunda belgilangan muddatda amalga oshirilmaganligi yoki toʻliq amalga oshirilmaganligi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni boshqa sabablarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, rad javobi olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida arizachi davlat xizmatlari koʻrsatilishi uchun yigʻimni toʻlamasdan qayta ariza berish huquqiga ega boʻladi.
