52-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida (407-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlishga, shu jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oʻchgan holda va boshqa nomaʼqul tarzda foydalanishga;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanishga;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek uni oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshashga yoki uning tasvirini tushirishga;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan kiyim-bosh, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilarni poyabzalga, dastroʻmolga, koʻrpa-toʻshakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramziy belgilari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga oʻxshash boʻlishi mumkin emas.
