9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-713-son) · Sana: 13.09.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qurilayotgan binolar va inshootlarning seysmik xavfsizligi taʼminlanishini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholaydi hamda nazorat qiladi;
elektron texnik pasportlar asosida binolar va inshootlarni seysmik jihatdan zaifligi boʻyicha tasniflashda, shuningdek binolar va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvida hamda ularning zilzilabardoshligini oshirishda ishtirok etadi;
seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan barcha turdagi binolar va inshootlarning, shuningdek koʻp qavatli turar joylarning seysmik jihatdan zaifligini baholash uchun zarur boʻlgan axborotni oʻz ichiga oladigan elektron texnik pasportlarni shakllantiradi;
seysmik xavfsizlik taʼminlanishini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda muntazam ravishda takomillashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi qurilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash, shuningdek mavjud binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish uchun zarur choralar koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qonunchilikka muvofiq seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
