17-modda. Zilzila oqibatlarini bartaraf etish
Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-713-son) · Sana: 13.09.2021 · Amalda
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish ushbu moddada bayon etilgan oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rahbarligida hamda ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari, seysmologiya sohasidagi mutaxassislar ishtirokida zarar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish asosida tezkor chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi.
Zilzila sodir boʻlgan taqdirda zilzila epitsentrida shikastlangan binolar va inshootlarning foydalanishga yaroqliligini baholash doimiy epitsentral guruh hamda tegishli mutaxassislardan tuziladigan guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Kuchli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etish doirasida hududlarda:
aholini kuchli zilzila zonasidan xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish taʼminlanadi;
qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan avariya-tiklash ishlari amalga oshiriladi;
binolarning hamda muhandislik-transport infratuzilmasining shikastlanish darajasi tezkor va batafsil oʻrganiladi;
kuchli zilzila tufayli yetkazilgan zarar aniqlanadi;
kuchli zilzila oqibatida buzilishi, tiklanishi yoki qayta qurilishi lozim boʻlgan binolar va inshootlar aniqlanadi;
zilzila natijasida vayron boʻlgan binolar va inshootlarni qayta qurish hamda tiklash amalga oshiriladi.
Aholini kuchli zilzilalar keltirib chiqargan favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
