14-modda. Binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini tekshirish hamda monitoring qilish
Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-713-son) · Sana: 13.09.2021 · Amalda
Seysmik faol zonalarda joylashgan, qurilish normalari va qoidalari talablariga muvofiq loyihalashtirilgan hamda qurilgan II — IV toifadagi obyektlar har besh yilda zilzilabardoshlikka doir vizual tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Vizual tekshiruvlar instrumental-texnik tekshiruv oʻtkazilishini talab etadigan hollarda binolar va inshootlarning zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvi oʻtkaziladi hamda ularning elektron texnik pasporti yangilanadi.
Seysmik faol zonalarda joylashgan III-IV toifadagi obyektlar har oʻn yilda zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
Seysmik faol zonalarda yangi qurilgan III-IV toifadagi obyektlar ishga tushirilayotganda ular zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan majburiy tartibda oʻtkaziladi.
IV toifadagi obyektlarga taalluqli boʻlgan suv omborlari toʻgʻonlarida va gidroelektrostansiyalarda instrumental-texnik tekshiruvlar bir yilda ikki marta oʻtkaziladi.
Suv omborlari toʻgʻonlarining instrumental-texnik tekshiruvlari seysmik faol hududlarda sodir boʻlgan har bir kuchli zilziladan keyin majburiy tartibda oʻtkaziladi.
Binolar va inshootlarning zilzilabardoshlikka doir vizual hamda instrumental-texnik tekshiruvlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi qurilish sohasidagi tegishli hududiy nazorat inspeksiyalari, qurilish sohasidagi loyihalash tashkilotlari va maxsus litsenziyalangan tashkilotlar, shuningdek ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Kuchli zilzilalar sodir boʻlgan hududlardagi barcha turdagi binolar va inshootlardan mutaxassislar tomonidan zilzilabardoshlikka doir vizual yoki instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazilgandan keyin foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Binolar va inshootlar seysmik jihatdan zaifligining doimiy monitoringi elektron texnik pasportlar asosida amalga oshiriladi hamda ushbu monitoring natijasida olingan axborot tasarrufida binolar va inshootlar boʻlgan davlat organlariga hamda boshqa tashkilotlarga topshiriladi.
Oʻz tasarrufida binolar va inshootlar boʻlgan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan axborot olinganidan keyin olti oy davomida seysmik jihatdan zaif deb topilgan binolar va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruvi oʻtkazilishini taʼminlashi hamda tekshiruv natijalariga doir xulosalar asosida ularni mustahkamlash boʻyicha choralar koʻrishi shart.
