13-modda. Zilzilalar yuz berishi ehtimolini aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-713-son) · Sana: 13.09.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida kuchli zilzilalar yuz berishi ehtimolini prognoz qilish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining seysmoprognostik kuzatuvlar tarmogʻi respublika hududida kompleks prognostik kuzatuvlarni, maʼlumotlarni toʻplash va uzatishni, ularning dastlabki tahlilini amalga oshiradi.
Seysmik kuzatuvlar tarmogʻi milliy va xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga kiritilgan stansiyalardan iboratdir.
Seysmik va prognostik stansiyalarda doimo kuzatuvlar olib boriladi, olingan natijalar esa Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazining maʼlumotlar bazasida jamlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring respublika markazi seysmik, geofizik va gidrogeoseysmologik kuzatuvlar olib boradi, shuningdek zilzilalar darakchilariga doir prognoz maʼlumotlarining tahlilini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hamda Fanlar akademiyasining idoralararo ekspert komissiyasi kuzatilayotgan va yuz berishi mumkin boʻlgan seysmik vaziyat toʻgʻrisidagi xulosalarni muntazam ravishda (har haftada va har oyda) tegishli davlat organlariga yuboradi.
