“201-modda. Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish uchun asoslar
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-711-son) · Sana: 25.08.2021 · Amalda
Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz tuziladi. Xabarnomani tuzish uchun bir vaqtning oʻzida quyidagilar asos boʻladi:
yoʻl-transport hodisasi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetkazilishiga yoxud yoʻl harakatini tartibga soluvchi vositalar yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelmagan boʻlsa;
yoʻl-transport hodisasida ishtirokchi boʻlgan haydovchilardan biri oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlsa;
yoʻl-transport hodisasi piyoda ishtirokisiz sodir etilgan boʻlsa;
yoʻl-transport hodisasi ikkita transport vositasi (shu jumladan tirkamali transport vositalari) toʻqnashuvi natijasida roʻy bergan hamda faqat ushbu transport vositalariga shikast yetkazilgan boʻlsa;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi yoʻl-transport hodisasi sodir etilguniga qadar sugʻurta qilingan boʻlsa;
yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilarda haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, ishonchnoma (bundan ishonchnoma talab etilmaydigan hollar mustasno), yoʻl varaqasi (qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda) mavjud boʻlib, mazkur hujjatlarning amal qilish muddati oʻtmagan boʻlsa;
yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilari boʻlgan haydovchilarda mastlik holati boʻlmasa;
yoʻl-transport hodisasi natijasida transport vositalarining shikastlanishi holatlari, shuningdek transport vositalarining shikastlangan qismlari tavsiflari va roʻyxati yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilari oʻrtasida kelishmovchiliklarni (nizolarni) keltirib chiqarmasa.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslardan bittasi mavjud boʻlmagan taqdirda, tuzilgan yoʻl-transport hodisasi haqidagi xabarnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda yoxud sugʻurtalovchi tomonidan ishni koʻrib chiqish jarayonida aybdor taraf oʻzgarganligi fakti aniqlangan taqdirda (aybdorlik videoyozuvlar yoxud koʻrik va (yoki) mustaqil ekspertiza natijalari asosida yaqqol namoyon boʻlganda) sugʻurtalovchi yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni, shuningdek koʻrik va (yoki) mustaqil ekspertiza natijalarini (aybdor taraf oʻzgarganligi fakti aniqlangan hollarda) oʻsha kunning oʻzida ichki ishlar organlariga yuboradi.
