59-modda. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarda nometall qismlardan foydalanish
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarda nometall qismlardan (toshlar, emallar, qora kumushlardan) foydalanishga, basharti ular koʻrinishidan qimmatbaho metallardan ajralib tursa, ruxsat etiladi. Bunda buyumlarning nometall qismlarida qimmatbaho metallarga aynan oʻxshash qoplama yoki rangda boʻlmasligi kerak.
Pichoqlar, sanchqilar va shunga oʻxshash buyumlarning dastalarini nometall materiallar bilan toʻldirishga ularni mahkamlash uchun zarur boʻlgan miqdorlarda yoʻl qoʻyiladi.
Nometall qismlardan foydalangan holda tayyorlangan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarda qimmatbaho metallning vazn oraligʻi koʻrsatilgan maxsus iz boʻlishi kerak. Mazkur buyumlarning qimmatbaho metallardan yasalgan barcha qismlari toʻliq mavjud boʻlgan taqdirda, ularning asillik darajasini aniqlash, ularni tahlil qilish hamda tamgʻalash ularni qismlarga ajratgan va bitkazmagan holda amalga oshirilishi lozim. Tayyor buyumlarda buyumning ikkinchi darajali va qoʻshimcha qismlari kavsharlangan boʻlishi kerak. Buyumlarning ikkinchi darajali va qoʻshimcha qismlariga davlat asillik darajasi tamgʻasi yoki belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi bosilishi kerak.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni asillik darajasini aniqlash, ularni tahlil qilish va tamgʻalash uchun Asillik darajasini belgilash palatasiga nometall qismlarsiz taqdim etadi.
