57-modda. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni ishlab chiqarishda yoki qayta tiklashda (taʼmirlashda) qoʻllaniladigan kavsharlar
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumlarni ishlab chiqarishda yoki qayta tiklashda (taʼmirlashda) qoʻllaniladigan kavsharlar mazkur buyumlar qaysi qotishmalardan tayyorlanadigan boʻlsa, ayni oʻsha qimmatbaho metallar asosida tayyorlanishi kerak, bundan ushbu moddada belgilangan hollar mustasno.
Oltin, platina va palladiydan tayyorlangan qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumlar uchun kavsharlar ushbu buyumlar tayyorlangan asosiy qotishma qanday asillik darajasiga ega boʻlsa, ayni oʻsha asillik darajasiga ega boʻlishi kerak.
Platina va palladiydan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumlarda 585 (besh yuz sakson beshinchi) va 750 (yetti yuz elliginchi) asillik darajasiga ega boʻlgan oq oltin kavshari boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
Kumushdan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumlar uchun kavshar 650 (olti yuz elliginchi) asillik darajasidan past boʻlmagan asillik darajasiga ega boʻlishi kerak.
Tarkibida buyumlar yasalgan qotishmaning asillik darajasiga muvofiq boʻlmagan kavshar mavjud boʻlgan (lekin 375 (uch yuz yetmish beshinchi) asillik darajasidan past boʻlmagan) oltindan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlar belgilangan asillik darajasiga yaqin boʻlgan pastroq asillik darajasi bilan tamgʻalanadi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumlarda tarkibida qimmatbaho metallar mavjud boʻlmagan kavshardan foydalanishga, basharti mazkur buyumlarning asillik darajasi kavshar bilan birgalikda ushbu buyumlar yasalgan qotishma doirasida boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
