49-modda. Turli qimmatbaho metallardan hamda turli asillik darajasidagi qimmatbaho metallardan ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumlarni davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalash
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Bitta qimmatbaho metalldan ishlab chiqarilgan, turli asillik darajalariga ega boʻlgan bir nechta qismlardan iborat boʻlgan, qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumga asosiy davlat asillik darajasi tamgʻasining izi ushbu buyumning asosiy qismiga tushiriladi, buyumning boʻlaklarga boʻlinadigan va ajralishi oson boʻlgan qismlariga esa tegishli metallning va tegishli asillik darajasining qoʻshimcha davlat asillik darajasi tamgʻasi izi tushiriladi.
Alohida qismlari turli qimmatbaho metallardan ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumga asosiy davlat asillik darajasi tamgʻasining izi ushbu buyumning asosiy qismiga tushiriladi, buyumning boʻlaklarga boʻlinadigan va ajralishi oson boʻlgan qismlariga esa tegishli metallning va tegishli asillik darajasining qoʻshimcha davlat asillik darajasi tamgʻasi izi tushiriladi.
Agar qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyum oʻzga qimmatbaho metallar bilan qoplangan boʻlsa, buyumning asosiy qismiga qimmatbaho metallning asosiy qotishmasiga muvofiq asosiy davlat asillik darajasi tamgʻasining izi tushiriladi, qoʻshimcha qismiga esa tamgʻa tushirilmaydi. Bunda buyumning boʻlaklarga boʻlinadigan hamda ajralishi oson boʻlgan qismlariga tegishli asillik darajasining qoʻshimcha davlat asillik darajasi tamgʻasi izi tushiriladi.
Asillik darajasi turlicha boʻlgan yoki turli qimmatbaho metallardan yasalgan, kavsharlangan hamda bir-biridan ajralmaydigan qismlardan tarkib topgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumga yaxlit buyum sifatida qaraladi. Bu holda asosiy davlat asillik darajasi tamgʻasining izi buyumning asosiy qismiga tushiriladi, buyumning kavsharlangan hamda bir-biridan ajralmaydigan qismlariga esa tegishli metall va asillik darajasiga muvofiq boʻlgan qoʻshimcha davlat asillik darajasi tamgʻasining izi tushiriladi.
