27-modda. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning chakana savdosi
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning chakana savdosi qonunchilikda belgilangan xabardor qilish tartibi asosida yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning chakana savdosi maxsus zargarlik doʻkonlarida, savdo markazlari va (yoki) majmualarining boʻlimlarida, seksiyalarida amalga oshiriladi.
Maxsus zargarlik doʻkonlarida, savdo markazlari va (yoki) majmualarining boʻlimlarida, seksiyalarida qimmatbaho metallarning Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan asillik darajalari toʻgʻrisida axborot, shuningdek qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash, ularni tahlil qilish va tamgʻalash tartibini belgilovchi normativ hujjatlardan qoʻchirmalar, Oʻzbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamgʻalari izlarining, belgilangan namunadagi asillik darajalari belgilari izlarining tasvirlari hamda xaridorga zarur boshqa axborot koʻzga koʻrinadigan joyda osib qoʻyilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni sotish ularda ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamgʻasi izi va belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi yoki ishlab chiqaruvchi shaxsiy tamgʻasining izi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamgʻasi izi boʻlgandagina amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarda koʻrsatilgan asillik darajasining ishonchliligi uchun javobgarlik ushbu buyumlarni ishlab chiqaruvchi zimmasiga yuklanadi.
Chakana savdoga qoʻyilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarda buyumning nomi, qimmatbaho metall turi, asillik darajasi, qoʻshimchalarning turlari va xususiyatlari, shu jumladan qimmatbaho toshning sifat hamda rangi va qiymati xususiyatlarini oʻzgartirgan ishlov berish usuli, buyumning chakana narxi koʻrsatilgan tamgʻalangan yorliq boʻlishi kerak. Bunda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar ulgurji sotilganda har bir buyum uchun alohida plombalangan yorliqlar boʻlishi talab qilinmaydi.
