22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat fondi
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat fondi (bundan buyon matnda Davlat fondi deb yuritiladi) quyidagilar hisobiga toʻldiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xarid qilingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, shu jumladan noyob qimmatbaho metallar yombilari va noyob qimmatbaho toshlar;
qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan mahsulot (buyumlar), qimmatbaho metallar parchalari va chiqindilari hamda qimmatbaho toshlar chiqindilari;
jismoniy va yuridik shaxslardan sotib olingan, tarixiy, badiiy yoki boshqa madaniy ahamiyatga ega boʻlgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar xazinalari;
egasiz qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar;
vorislik va hadya huquqi boʻyicha davlatga oʻtkazilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar;
qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan davlat mukofotlari va sovgʻalari;
qonunchilikda belgilangan boshqa asoslar boʻyicha Davlat fondiga oʻtkaziladigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar.
Davlat fondiga oʻtkazilgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat mulki hisoblanadi.
Davlat fondini qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan toʻldirish, shuningdek ularni sarflash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq tegishli yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Davlat fondiga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni olishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Davlat fondiga oʻtkaziladigan qimmatliklar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan dastlabki ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi moliyaviy hisobot yilida Davlat fondi qimmatliklarini toʻldirish va sarflash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etadi.
Davlat fondidagi qimmatliklarni saqlash, hisobga olish va sarflash toʻgʻriligi qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan tekshiriladi.
