24-modda. Roʻyxatga olishlar
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Roʻyxatga olish yalpi hisobga olish asosida aholining, uy-joyning soni va tarkibi, iqtisodiy birliklarning tarkibi hamda holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar olinishini taʼminlaydigan tadbirdir.
Roʻyxatga olish mamlakatni demografik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim xususiyatlari hamda yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida amalga oshirilishi mumkin.
Respondentlarning individual maʼlumotlarini yigʻish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Roʻyxatga olish dasturida belgilangan savollarga muvofiq amalga oshiriladi.
Roʻyxatga olish maʼlumotlari statistika kuzatuvlari, maʼmuriy maʼlumotlar asosida yoki ularning umumlashmasi asosida shakllantirilishi mumkin.
Roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror sanasi va muddati, shuningdek moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
