23-modda. Statistika kuzatuvlari
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Statistika kuzatuvlari respondentlarning individual va boshqa maʼlumotlarini birlamchi yigʻish jarayonlari boʻlib, bu jarayonlar rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan statistika uslubiyatlaridan foydalangan holda, statistika maqsadlarida amalga oshiriladi.
Statistika kuzatuvlari yalpi va tanlanma boʻlishi mumkin, shuningdek statistika dasturlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Yalpi statistika kuzatuvlari vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan statistika hisoboti shakllari asosida oʻtkaziladi.
Tanlanma statistika kuzatuvlari rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan tasdiqlangan statistika kuzatuvlari shakllari asosida oʻtkaziladi. Rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan oʻtkaziladigan tanlanma statistika kuzatuvlarida respondentlar va uy xoʻjaliklari ixtiyoriy asosda ishtirok etadi.
