11-modda. Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning faoliyatini muvofiqlashtirish
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar statistika maʼlumotlarini ishlab chiqishda xalqaro darajada tavsiya etiladigan tushunchalarga, tasniflarga va uslubiyatga amal qiladi.
Vakolatli davlat organi rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilarining faoliyatini statistika dasturlari doirasida muvofiqlashtiradi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar statistika maʼlumotlarini tayyorlash uslubiyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi.
Rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilarining statistika uslubiyatlarida xalqaro tavsiyalarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda vakolatli davlat organi statistika uslubiyatlari auditi yakunlariga koʻra ushbu tayyorlovchilarga ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish huquqiga ega.
Milliy statistika tizimiga kiruvchi rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan statistika maʼlumotlarini shakllantirish va vakolatli davlat organi bilan axborot almashinuvini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan boʻlinmalar tashkil etiladi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar hamda maʼmuriy maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar oʻzlarida mavjud boʻlgan statistika maʼlumotlarini va (yoki) maʼmuriy maʼlumotlarni vakolatli davlat organiga statistika dasturlarida belgilangan tartibda va muddatlarda bepul taqdim etadi.
