12-modda. Transport sohasidagi davlat nazorati organlari
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Maxsus vakolatli davlat organi, uning hududiy boʻlinmalari, tasarrufidagi tashkilotlar transport sohasidagi davlat nazorati organlaridir.
Transport sohasidagi davlat nazorati organlari:
milliy va chet el transport tashkilotlari tomonidan yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish chogʻida transport toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishining taʼminlanishi;
kemachilik xavfsizligi, kemalardan ularning belgilangan maqsadiga muvofiq foydalanilishi;
havo kemalari parvozlari xavfsizligi qonunchilikka muvofiq taʼminlanishi;
temir yoʻl transportida yuklarni va yoʻlovchilarni tashish xavfsizligi;
fuqaro aviatsiyasi va eksperimental havo kemalaridagi halokatlar hamda baxtsiz hodisalar, shuningdek temir yoʻl va suv transportidagi avariya hamda halokatlar boʻyicha tekshiruvlar tashkil etilishi va oʻtkazilishi;
yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini va yuklarni tashish qoidalariga rioya etilishi, yoʻlovchi yoʻnalishlari boʻyicha transport vositalarining harakatlanishi, harakatlanishning belgilangan jadvallari va oraliq masofalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Transport sohasidagi davlat nazorati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
