63-modda. Sudyalarning mustaqilligini taʼminlash
Sudlar toʻgʻrisida (O‘RQ-703-son) · Sana: 28.07.2021 · Amalda
Sudyalarning mustaqilligi quyidagilar orqali taʼminlanadi:
ularni qonunda belgilangan tartibda lavozimga saylash, tayinlash, sudyalik vakolatlarini toʻxtatib turish va tugatish;
sudyaning daxlsizligi;
odil sudlovni amalga oshirishdagi qatʼiy tartib-taomil;
qarorlarni chiqarish chogʻida sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi;
sudyaga hurmatsizlik qilganlik, odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha faoliyatga aralashganlik va sudyaning daxlsizligini buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik;
sudyaga davlat hisobidan uning yuksak maqomiga munosib moddiy va ijtimoiy taʼminot berish.
Sudyaning mustaqilligini cheklaydigan qonunchilik hujjatlari qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sudya, uning oila aʼzolari va ularning mol-mulki davlatning alohida himoyasida boʻladi.
