9-modda Foydalanish imkoniyati
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar mustaqil turmush kechirish va turmushning barcha jabhalarida har taraflama ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda jismoniy muhitdan, transportdan, axborot va aloqadan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimidan hamda shaharlarda ham, qishloq joylarida ham aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan boshqa obyektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradi. Foydalanish imkoniyatiga xalaqit beradigan toʻsiqlarni aniqlash va bartaraf etishni qamrab oladigan ushbu choralar, jumladan, quyidagilardan iborat:
a) binolar, yoʻllar, transport hamda boshqa tashqi va ichki obyektlar, shu jumladan maktablar, turar-joylar, tibbiyot muassasalari va ish joylari;
b) axborot, kommunikatsiya va boshqa xizmatlar, shu jumladan elektron xizmatlar va shoshilinch xizmatlar.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar, shuningdek quyidagi zarur choralarni koʻradilar:
a) aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan obyektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini koʻzda tutadigan minimal standartlar va koʻrsatkich moʻljallarini ishlab chiqish, amalga kiritish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;
b) aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan obyektlar va xizmatlarni taklif etadigan xususiy korxonalar nogironlar foydalanish imkoniyatlari uchun barcha jihatlarni hisobga olishlarini taʼminlash;
c) nogironlar duch keladigan foydalanish imkoniyati muammolari masalasiga aloqador barcha tomonlar uchun yoʻriqnoma berishni tashkil etish;
d) aholi uchun ochiq binolar va boshqa obyektlarga Brayl alifbosida bajarilgan, oson oʻqiladigan va tushuniladigan shakldagi belgilarni joylashtirish;
e) aholi uchun ochiq binolar va boshqa obyektlardan foydalanish imkoniyatini yengillashtirish uchun yordamchilar va vositachilarning turli xizmatlarini, shu jumladan yoʻl koʻrsatuvchilar, suxandonlar va professional surdotarjimonlar xizmatlarini taqdim etish;
f) nogironlarning axborotdan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydigan yordam va qoʻllab-quvvatlashning boshqa zarur shakllarini rivojlantirish;
g) nogironlarning yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlaridan, shu jumladan Internetdan foydalanish imkoniyatlarini ragʻbatlantirish;
h) avvalboshdan foydalanish imkoniyati boʻlgan, kam xarajat talab etadigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish va tarqatishni ragʻbatlantirish.
