4-modda Umumiy majburiyatlar
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar barcha nogironlar tomonidan nogironlik belgisi boʻyicha hech qanday kamsitishsiz insonning barcha huquqlarini amalga oshirish va asosiy erkinliklarini toʻla taʼminlash va ragʻbatlantirish majburiyatini oladi. Shu maqsadda ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) ushbu Konvensiyada eʼtirof etiladigan huquqlarni amalga oshirish uchun barcha zarur qonunchilik, maʼmuriy va boshqa choralarni koʻrish;
b) nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun barcha zarur choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini koʻrish;
c) barcha strategiyalar va dasturlarda nogironlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishni hisobga olish;
d) Ushbu Konvensiyaga toʻgʻri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish hamda davlat organlari va muassasalari ushbu Konvensiyaga muvofiq ish tutishlarini taʼminlash;
e) har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi boʻyicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni koʻrish;
f) nogironlarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish iloji boricha kam oʻzgartirish va xarajat talab qiladigan tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn obyektlarining (ushbu Konvensiyaning 2-moddasida belgilab qoʻyiladigan) ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki ragʻbatlantirish, ularning mavjud boʻlishiga va ulardan foydalanishga yordam berish, shuningdek standartlar va koʻrsatkich moʻljallarini ishlab chiqishda universal dizayn gʻoyasini ilgari surish;
g) nogironlar uchun mos tushadigan yangi texnologiyalar, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, harakatchanlik, qurilmalar va assistiv texnologiyalarni yengillashtiradigan vositalarning ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki ragʻbatlantirish, bunda arzon texnologiyalarga birinchi darajali eʼtibor berish;
h) harakatchanlik, qurilmalar va assistiv texnologiyalarni yengillashtiradigan vositalar, shu jumladan yangi texnologiyalar, shuningdek yordam koʻrsatish, qoʻshimcha xizmatlar va obyektlar toʻgʻrisida foydalanish imkoniyati boʻlgan axborotlarni nogironlarga taqdim etish;
i) ushbu Konvensiyada eʼtirof etilgan huquqlarni mazkur huquqlarda kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironlar bilan ish olib boradigan personalni oʻqitishni ragʻbatlantirish.
