21-modda Fikr va eʼtiqodni ifoda etish erkinligi va axborotdan foydalanish imkoniyati
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar fikr va eʼtiqodlarini erkin ifoda etish huquqini, shu jumladan ushbu Konvensiyaning 2-moddasida belgilab qoʻyilgan muomalaning barcha shakllaridan oʻz tanlovi boʻyicha foydalangan holda axborot va gʻoyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi, shu jumladan:
a) nogironlarni foydalanish imkoniyati boʻlgan shaklda va nogironlik turli shakllarini hisobga olgan texnologiyalardan foydalanib, oʻz vaqtida va qoʻshimcha haq olmasdan keng ommaga moʻljallangan axborot bilan taʼminlash;
b) rasmiy muomalada ishora tili, Brayl alifbosi, muomalani kuchaytiradigan va muqobil vositalaridan hamda nogironlarning tanlovi boʻyicha muomalaning boshqa foydalanish imkoniyati boʻlgan barcha vositalari, usullari va shakllaridan foydalanishlariga yordam koʻrsatish;
c) keng ommaga, shu jumladan Internet orqali xizmat koʻrsatadigan xususiy korxonalarni nogironlar uchun foydalanish imkoniyati boʻlgan va yaroqli shakllardagi axborot va xizmatlar taqdim etishga daʼvat etish;
d) ommaviy axborot vositalarini nogironlar axborotdan, shu jumladan Internet orqali taqdim etadigan xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishini taʼminlashga daʼvat etish;
e) ishora tillaridan foydalanishni eʼtirof etish va ragʻbatlantirish.
