30-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatida xizmatda boʻlish bilan bogʻliq cheklovlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga haqiqiy harbiy xizmatga kirayotgan shaxslar ushbu Qonunda belgilangan cheklovlarni oʻz zimmasiga oladi, bu cheklovlar yozma shaklda qayd etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisiga quyidagilar taqiqlanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, Senati aʼzosi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organi deputati boʻlish, kasaba uyushmalari, shuningdek siyosiy partiyalar aʼzosi boʻlish hamda ularning faoliyatida ishtirok etish;
2) pedagogik, tibbiy, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyatdan tashqari, haq toʻlanadigan faoliyat yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish, tijorat tashkilotining rahbar organi yoki kuzatuv kengashi tarkibiga kirish, bundan mazkur faoliyat qonunchilikka muvofiq lavozim majburiyatlari hisoblanadigan hollar mustasno;
3) oʻz xizmat faoliyatining moddiy-texnikaviy, moliyaviy va axborot taʼminoti vositalaridan, boshqa davlat xizmat mol-mulkidan va xizmat axborotidan xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlarining va boshqa tashkilotlarining normal faoliyat koʻrsatishiga hamda ular mansabdor shaxslarining oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qiladigan harakatlarda ishtirok etish;
5) oʻz xizmat mavqeyidan gʻarazli maqsadlarda foydalanish, shu jumladan mansabdor va boshqa shaxslar bilan til biriktirish yoʻli bilan foydalanish;
6) ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmogʻida oʻz xizmat faoliyati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni, shu jumladan foto-, audio-, videomateriallarni joylashtirish;
7) qoʻriqlanadigan shaxslar bilan xizmat zaruriyatisiz muloqotda boʻlish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchisining xizmat faoliyati inobatga olingan holda, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining idoraviy hujjatlari bilan belgilanadigan boshqa cheklovlar ham qoʻllanilishi mumkin.
