21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son)
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
1) qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash, ular turgan obyektlarni qoʻriqlash va mudofaa qilish boʻyicha jangovar navbatchilikni tashkil etish hamda olib borish, qoʻriqlash tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibini hamda qoʻriqlash tadbirlariga jalb qilinadigan kuchlar va vositalarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari hamda boshqa tashkilotlaridan jalb qilinadigan kuchlar va vositalarning tarkibini belgilash;
2) qoʻriqlanadigan shaxslarning hamda obyektlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha vazifalarni hal etishga Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining va, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlarining xodimlarini jalb etish va ularga tezkor rahbarlik qilishni amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni ularning roziligiga koʻra jalb etish;
3) qoʻriqlanadigan obyektlarda va qoʻriqlash tadbirlari oʻtkaziladigan joylarda nazorat-oʻtish rejimini oʻrnatish, qoʻriqlanadigan obyektlarga kirish (oʻtish) hamda qoʻriqlanadigan obyektlardan chiqish (ketish) chogʻida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni, shuningdek transport vositalariga va tashilayotgan yuklarga doir hujjatlarni tekshirish, fuqarolarni va ularning yonidagi ashyolarini shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, transport vositalarini hamda ularda tashilayotgan ashyolar va yuklarni koʻzdan kechirish, shu jumladan muhandislik-texnik, sapyorlik-kinologik vositalarni qoʻllagan holda koʻzdan kechirish;
4) qoʻriqlanadigan obyektlarga va qoʻriqlash tadbirlari oʻtkaziladigan joylarga olib oʻtiladigan (olib kiriladigan), shuningdek qoʻriqlanadigan obyektlardan olib chiqiladigan (olib ketiladigan) ashyolarning (yuklarning) roʻyxatini belgilash;
5) qoʻriqlanadigan shaxslar bilan muloqotda boʻladigan va ular turgan obyektlarga xizmat koʻrsatishga jalb etiladigan jismoniy shaxslarni maxsus tekshirishni amalga oshirish, anketa maʼlumotlarini va boshqa zarur maʼlumotlarni soʻrab olish, qoralovchi maʼlumotlar olingan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlari xodimlarini ishlardan chetlashtirish haqida taqdimnomalar kiritish;
6) qoʻriqlanadigan shaxslarga transport xizmati koʻrsatish yoki ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida foydalaniladigan havo kemalarining va boshqa transport vositalarining qoʻriqlanishini taʼminlash;
7) qoʻriqlanadigan shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun beriladigan transport vositalarining shayligini tekshirishni, shu jumladan ulardan foydalanish tartibi va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
8) qoʻriqlanadigan shaxslarning hamda obyektlarning xavfsizligini taʼminlashga doir qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarga rioya etilishini jismoniy va yuridik shaxslardan talab qilish;
9) qoʻriqlanadigan shaxslarning va obyektlarning xavfsizligiga tahdid soluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlariga va, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlariga ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
10) qoʻriqlanadigan shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid yuzaga kelishining oldini olish zarurligi munosabati bilan ishlarni bajarishni, xoʻjalik faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshirishni oʻn ish kunidan oshmagan muddatga toʻxtatib turish;
11) qoʻriqlanadigan obyektlar hududlaridan foydalanishning alohida shartlariga rioya etilishini taʼminlash, ularning chegaralarini belgilash va ushbu hududlar uchun shaharsozlik reglamentlarini kelishib olish;
12) zarur boʻlganda, qoʻriqlanadigan shaxslarning harakatlanish yoʻnalishlarida, joylarning alohida uchastkalarida va obyektlarda transport vositalari hamda piyodalarning harakatlanishini vaqtinchalik cheklash yoki taqiqlash, shuningdek transport vositalarini shatakka olish boʻyicha choralar koʻrish;
13) qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab, kechiktirib boʻlmaydigan hollarda jismoniy shaxslarning turar joylaridan (egalarining roziligi bilan), yuridik shaxslarning xizmat xonalaridan, aloqa vositalaridan va boshqa mol-mulkidan qonunchilikda belgilangan tartibda zararning oʻrnini qoplagan holda foydalanish, bundan chet davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga hamda xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan turar joylar va xizmat xonalari, aloqa vositalari va boshqa mol-mulk mustasno;
14) tashkilotlarning yoki fuqarolarning transport vositalarida hodisa sodir boʻlgan joyga yetib borish, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga olib borish, jinoyat sodir etgan shaxslarni taʼqib qilish va ularni ichki ishlar organlariga olib borish uchun, ushbu transport vositalaridan foydalanilganligi faktini tasdiqlovchi va transport vositalaridan foydalangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilarini identifikatsiyalovchi hujjatlarni bergan holda, foydalanish, bundan chet davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari mustasno. Tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
15) qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlaridan, aerodromlaridan, uchish-qoʻnish yoʻlaklari va maydonlaridan, vokzallardan, daryo portlaridan, shuningdek telekommunikatsiya tizimlaridan bepul asosda foydalanish;
16) agar kechiktirilishi qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligiga haqiqatda tahdid solishi mumkin boʻlsa, jinoyatlarga barham berishda, shuningdek jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib qilayotganda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli turar joylarga va boshqa xonalarga, yer uchastkalariga va hududlarga moneliksiz kirish, keyinchalik yigirma toʻrt soat ichida bu haqda tegishli prokurorni yozma ravishda xabardor qilish;
17) qoʻriqlanadigan shaxslar turgan obyektlarda, harakatlanish yoʻnalishlarida, ularning atrofida, shuningdek qoʻriqlash tadbirlari oʻtkazilayotgan joylarda muhandislik-texnik, sapyorlik-kinologik va laboratoriya-instrumental diagnostikani amalga oshirish, portlovchi moddalarga va qoʻporuvchilik-terrorchilik (shu jumladan biologik) vositalariga yoki axborotdan ruxsatsiz foydalanish qurilmalariga tegishli ekanligi xususida shubha tugʻdiruvchi moddiy obyektlarni (ashyolarni) evakuatsiya va yoʻq qilishni amalga oshirish, aloqa va maʼlumotlar uzatish kanallariga toʻsiq qoʻyish boʻyicha texnik tadbirlar oʻtkazish;
18) qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish maqsadida tezkor-qidiruv hamda kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, oshkora va maxfiy asosda fuqarolarning yordamidan foydalanish;
19) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ixtiyoriy asosda shtatdan tashqari tezkor xodimlar sifatida jalb etish;
20) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining yurituviga taalluqli ishlar boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish;
21) huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan, huquqbuzarliklar sodir etayotgan yoki sodir etgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ushlab turish;
22) huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash manfaatlariga daxldor boʻlgan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini aniqlash, bartaraf etish;
23) qoʻriqlanadigan shaxslar turgan obyektlar, harakatlanish yoʻnalishlari va ularga tutash hududlar uzra samoviy hududda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatni boshqaruv hamda navigatsiya signallariga toʻsiq qoʻyish, shuningdek mazkur apparatlarga shikast yetkazish yoki ularni yoʻq qilish yoʻli bilan toʻliq yoki qisman taqiqlash;
24) qoʻriqlanadigan shaxslarning va obyektlarning xavfsizligini taʼminlash masalalariga taalluqli boʻlgan faktlar hamda hodisalarni hujjatlashtirishni, fotosuratga olishni, ovozli yozuvni, kino- va videotasvirga olishni amalga oshirish;
25) qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarga rioya etgan holda Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlaridan va boshqa tashkilotlaridan axborotni yoki materiallarni soʻrash hamda bepul olish, shu jumladan doimiy asosda olish, axborot tizimlaridan, maʼlumotlar bazalaridan, axborot-maʼlumot qaydlaridan, arxivlardan, axborot-qidiruv va maʼlumotlarga ishlov berishning avtomatlashtirilgan tizimlaridan, shuningdek boshqa axborot resurslaridan foydalanish;
26) belgilangan tartibda axborotning kriptografik himoyasini amalga oshirish va uning xavfsizligini taʼminlash;
27) ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, yuklarni (bagajni) koʻzdan kechirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tashish;
28) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati egaligida yoki foydalanishida boʻlgan prezident maxsus aloqa tarmogʻi liniyalari va vositalarining ishlab turishini hamda xavfsizligini taʼminlovchi ishlarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlariga va boshqa tashkilotlariga moneliksiz kirish hamda zarur texnik hujjatlarni olish;
29) agar har qanday maqsaddagi radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining aloqa vositalariga radiotoʻsqinliklarni keltirib chiqarsa, ulardan foydalanishga nisbatan cheklovlar joriy etish tashabbusi bilan chiqish;
30) prezident maxsus aloqa tarmogʻini va idoraviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini vaqtincha tashkil etish zarur boʻlganda aloqa kanallarini foydalanishga bepul olish;
31) qoʻriqlanadigan shaxslarning va obyektlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarining obyektlarida, shuningdek umumiy foydalanishdagi obyektlarda idoraviy axborot-kommunikatsiya tizimlari liniyalarini, aloqa kanallari va vositalarini, uskunalarini ustuvor tartibda oʻrnatish;
32) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safarlariga yuborish;
33) chet davlatlarning maxsus xizmatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari va tegishli tashkilotlari bilan tezkor axborot, maxsus texnik vositalarni hamda boshqa vositalarni almashish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining taʼlim olishi va stajirovkalarini tashkil etish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish;
34) qoʻriqlanadigan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida turgan davrida, shuningdek chet davlatlar va xalqaro tashkilotlarning qoʻriqlanadigan shaxslari Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurganida ularning xavfsizligini taʼminlashga doir faoliyatni xorijiy maxsus xizmatlar vakillari bilan muvofiqlashtirish, xavfsizlikni taʼminlash, aloqa kanallarini taqdim etish shartlari va tartibini kelishib olish;
35) chet davlatlarning qoʻriqlanadigan shaxslari Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan davrida ularga hamrohlik qiluvchi xorijiy maxsus xizmatlarga sovuq va oʻqotar qurolni, oʻqotar qurolning oʻq-dorilarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va olib chiqish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish hamda berish;
36) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizligi xizmati harbiy xizmatchilariga sovuq va oʻqotar qurollarni va maxsus vositalarni saqlash hamda olib yurish, shuningdek xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida ularni Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlari hududiga olib kirish uchun ruxsat berish;
37) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga haqiqiy harbiy xizmatga qabul qilish uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlaridan va boshqa tashkilotlaridan tanlab olishni mustaqil ravishda amalga oshirish;
38) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizligi xizmati harbiy xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarining imkoniyatlaridan foydalanish;
39) oʻz faoliyatini axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashni amalga oshirish, ilmiy va boshqa tashkilotlarni, mutaxassislarni jalb etish, shu jumladan shartnoma asosida jalb etish;
40) qoʻriqlanadigan shaxslarning va obyektlarning xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat sirlarini tashkil etuvchi arxiv maʼlumotlarini hamda boshqa maʼlumotlarni saqlash, rasmiylashtirish, ulardan foydalanish va ularni berishning alohida tartibini belgilash, zarur axborot tizimlarini yaratish;
41) qoʻriqlanadigan shaxslarning va obyektlarning xavfsizligini taʼminlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida mustaqil ravishda yoki Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari hamda boshqa tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son). neolex.uz/uz/laws/law-5491509/21 (lex.uz/docs/-5491505)