22-modda. Murojaat qilish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlariga, tashkilotlarga hamda ularning mansabdor shaxslariga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni koʻrib chiqish chogʻida chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etadigan maʼlumotlarni oʻz ichiga olmasa, shuningdek ular bilan tanishish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, taʼminlaydi.
