39-modda. Ruhiy holati buzilgan shaxsni psixiatriya statsionaridan chiqarish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Ruhiy holati buzilgan shaxsni psixiatriya statsionaridan chiqarish u sogʻayib ketgan yoki uning ruhiy holati yaxshilanib, bundan buyon statsionarda davolanishi talab etilmaydigan, shuningdek psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asos boʻlgan tekshiruvdan oʻtish yoki psixiatriya ekspertizasi nihoyasiga yetkazilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionariga davolanish uchun ixtiyoriy ravishda yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish uning arizasiga, qonuniy vakilining arizasiga yoki davolovchi shifokor-psixiatrning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionariga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish shifokor-psixiatrlar komissiyasining xulosasiga yoki sudning statsionarda yotishni uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Sudning qaroriga binoan oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish faqat sudning qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionariga ixtiyoriy ravishda yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish, agar gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish uchun ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslar shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan aniqlanadigan boʻlsa, rad etilishi mumkin. Bunday holda psixiatriya statsionarida boʻlish, yotishni uzaytirish va statsionardan chiqarish masalalari ushbu Qonunning 34 — 36-moddalarida, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan tartibda hal etiladi.
