38-modda. Psixiatriya statsionari maʼmuriyatining va tibbiyot xodimlarining majburiyatlari
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Psixiatriya statsionarining maʼmuriyati va tibbiyot xodimlari ruhiy holati buzilgan shaxslarning hamda ularning qonuniy vakillarining ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, shu jumladan:
psixiatriya statsionariga davolanish yoki tekshiruvdan oʻtish uchun yotqizilgan shaxslarni zarur tibbiy yordam bilan taʼminlashi;
ushbu Qonunning matni, mazkur psixiatriya statsionarining ichki tartib-qoidalari bilan, ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda murojaat etish mumkin boʻlgan davlat organlari hamda boshqa organlar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning manzillari hamda telefon raqamlari bilan tanishish imkoniyatini berishi;
ruhiy holati buzilgan shaxslarning yozishmalari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar yoʻllashi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
ruhiy holati buzilgan shaxs psixiatriya statsionariga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida uning qonuniy vakilini, qarindoshlarini yoki uning koʻrsatmasiga koʻra boshqa shaxsni xabardor qilish choralarini koʻrishi;
ruhiy holati buzilgan shaxsning sogʻligʻi holatidagi oʻzgarishlar va u bilan bogʻliq favqulodda hodisalar haqida uning qonuniy vakilini yoki qarindoshlarini, shuningdek uning koʻrsatmasiga koʻra boshqa shaxsni xabardor qilishi;
psixiatriya statsionarida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlashi, posilkalar va olib kelingan narsalar tarkibini nazorat qilishi;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ammo qonuniy vakilga ega boʻlmagan ruhiy holati buzilgan shaxslarning qonuniy vakili vazifasini bajarishi shart.
Psixiatriya statsionari maʼmuriyatining va tibbiyot xodimlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
