26-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi
Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-682-son) · Sana: 20.04.2021 · Amalda
Huquqiy ekspertiza jarayonida normativ-huquqiy hujjat loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjat loyihasida havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organning yuridik xizmati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boʻlinmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan qonunchilikka muvofiq oʻtkaziladi.
