10-modda. Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan foydalanilishi ustidan davlat nazorati.
Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-680-son) · Sana: 01.04.2021 · Amalda
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishi ustidan nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish ixtisoslashuvga koʻra amalga oshirilmagan taqdirda, yer soligʻi uch baravar miqdorda undiriladi, bundan ushbu Qonun 9-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Dehqon xoʻjaligi tomonidan tuproq unumdorligini pasaytirish, tuproqni kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslantirish, shuningdek ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullarni qoʻllash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasida yengil konstruksiyali issiqxonalar va boshqa imoratlardan, shuningdek sugʻorish inshootlaridan tashqari inshootlar va imoratlar, shu jumladan yer osti inshootlari aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasiga koʻra dehqon xoʻjaligi boshligʻi mazkur inshootlar va imoratlarni vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasini olgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida ixtiyoriy ravishda oʻz hisobidan buzib tashlashi hamda yer uchastkasini oldingi holatiga keltirishi shart.
Vakolatli davlat organining yozma taqdimnomasi dehqon xoʻjaligi boshligʻi tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, imoratlar va inshootlarni, shu jumladan yer osti inshootlarini buzib tashlash hamda yer uchastkasini oldingi holatiga keltirish toʻgʻrisidagi masala sud tartibida hal etiladi.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollardan biri ketma-ket uch yil davomida takrorlangan taqdirda, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan yer uchastkasini olib qoʻyish yoki ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish toʻgʻrisidagi masala sud tartibida hal etiladi.
Dehqon xoʻjaligining hamda uning aʼzolarining yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq va samarali foydalanmaganlik uchun javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.
