15-modda. Ekologik auditorning huquq va majburiyatlari
Ekologik audit toʻgʻrisida (O‘RQ-678-son) · Sana: 15.03.2021 · Amalda
Ekologik auditor quyidagi huquqlarga ega:
ekologik audit oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni olish;
ekologik auditga taqdim qilingan, ekologik audit toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga javob bermaydigan materiallarni rad etish.
Ekologik auditor:
ekologik auditorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida ekologik audit toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
ekologik audit natijalarini ekologik audit standartlariga binoan rasmiylashtirishi;
ekologik audit oʻz vaqtida, kompleks tarzda, xolisona, sifatli oʻtkazilishini, shuningdek ekologik audit xulosasi rasmiylashtirilishi va berilishini taʼminlashi;
ekologik auditning muayyan obyektiga nisbatan shaxsiy manfaatdorligi mavjud boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etish haqida arz qilishi;
ekologik auditorlik xizmatlarini koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashi shart.
