7-modda. Davlat statistikasi organlarining majburiyatlari
Davlat statistikasi toʻgʻrisida (441-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Davlat statistikasi organlari:
davlat statistikasi prinsiplariga rioya etilishini va xalqaro standartlarga monand statistika uslubiyati birligini taʼminlashi;
Davlat statistika ishlari dasturlari bajarilishini taʼminlashi;
mamlakatni, uning mintaqalarini, iqtisodiyotning tarmoqlari va shuʼbalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarining bajarilish jarayoni ustidan davlat statistika kuzatuvlarini tashkil etishi;
davlat statistika hisobotlarini yigʻish ishini, uy xoʻjaliklarining statistika kuzatuvlarini roʻyxatga olish, bir marotabalik hisobga olish, soʻrovlar, tanlanma monografik va boshqa xil kuzatuvlar oʻtkazilishini tashkil etishi va taʼminlashi;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini belgilangan tartibda statistika maʼlumotlari va tahliliy axborot bilan taʼminlashi;
jamlanma statistika maʼlumotlari eʼlon qilinishini hamda yuridik va jismoniy shaxslarga ularning soʻrovlariga binoan shartnoma asosida taqdim etilishini taʼminlashi;
yakka tartibdagi statistika maʼlumotlarining maxfiyligini, davlat sirlari va yuridik shaxslarning tijorat sirlariga rioya etilishini, jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning egasi mavhumlashtirilishini taʼminlashi;
davlat statistikasi axborot tizimi davlatning boshqa axborot tizimlariga moslashuvchanligini hamda Oʻzbekiston Respublikasining yagona axborot makonida oʻzaro hamkorlik qilishini taʼminlashi;
xalqaro va mintaqalararo statistika qiyoslashlarini oʻtkazishi;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini hamda davlat statistikasi uchun zarur boʻlgan tasniflash tizimini yuritishi shart.
Davlat statistikasi organlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
