6-modda. Davlat statistikasi organlarining huquqlari
Davlat statistikasi toʻgʻrisida (441-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Davlat statistikasi organlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, banklardan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotlarini olish hamda ulardan statistika maqsadlarida foydalanish;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish va olingan maʼlumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni soʻrash va olish;
olinayotgan davlat statistika maʼlumotlarining toʻliqligi, xolisligi va ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish;
davlat statistika maʼlumotlarida qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish haqida koʻrsatmalar berish hamda jamlanma davlat statistika maʼlumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlardan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish uchun zarur maʼlumotlarni olish;
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan, statistika, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va boshqa xizmatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda shartnoma asosida koʻrsatish;
ayrim vazifalarni bajarish uchun funksional boʻlinmalar tashkil etish.
Davlat statistikasi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
