10-modda. Davlat statistika ishlari dasturi
Davlat statistikasi toʻgʻrisida (441-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Davlat statistika ishlari dasturi mamlakatda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida statistika axborotini tayyorlash uchun aniq yoʻnaltirilgan topshiriqlar hamda statistika ishlarini moliyalashtirish hajmlari qamrab olingan hujjatdir.
Davlat statistikasi vakolatli organi statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar talabini oʻrganish asosida koʻp yillik Davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqadi, bu dasturda davlat statistikasining istiqbolga moʻljallangan maqsadlari va yoʻnalishlari belgilab beriladi.
Davlat statistika ishlari koʻp yillik dasturini bajarish maqsadida davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan davlat statistika ishlari yillik dasturi ishlab chiqilib, unda ishlarning bajarilish muddatlari, davlat statistika kuzatuvlari davriyligi va shakllari belgilab olinadi.
Davlat statistika ishlari dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
