43-modda. Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqarish
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Auditorlik tashkiloti quyidagi hollarda Auditorlik tashkilotlarining reyestridan chiqariladi:
ushbu Qonun 27-moddasining oltinchi qismida belgilangan talablarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda;
auditorlik tashkiloti tugatilganda;
auditorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa faoliyat turlari amalga oshirilganda yoki faoliyat turi oʻzgarganda;
ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdagi cheklovlar buzilganda;
bila turib soxta auditorlik xulosasi tuzilganda;
auditorlik xizmatlari koʻrsatish chogʻida olingan maxfiy axborot oshkor qilinganda;
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda auditorlik tashkiloti javobgarligining sugʻurta polisi mavjud boʻlmaganda;
auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati oʻtkazilayotganda zarur hujjatlarni va axborotlarni vakolatli davlat organiga taqdim etmaganda.
Auditorlik tashkilotining Auditorlik tashkilotlari reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi, shuningdek vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi lozim.
