42-modda. Auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-677-son) · Sana: 25.02.2021 · Amalda
Belgilangan tartibda roʻyxatga olingan auditorlik tashkiloti maʼlumotlarni Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritish uchun vakolatli davlat organiga maʼlumotnomani va auditorlar mehnat daftarchalarining koʻchirma nusxalarini (“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan koʻchirmalarni) pochta orqali yoki elektron shaklda yuboradi. Maʼlumotnomada auditorlik tashkilotining nomi, pochta va elektron manzili, veb-sayti (mavjud boʻlgan taqdirda), telefon aloqa raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatiladi.
Vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqqanidan keyin besh ish kuni ichida auditorlik tashkilotini Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritishni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotni quyidagi hollarda Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritmaydi:
auditorlik tashkiloti tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganda;
auditorlik tashkiloti ushbu Qonunning 27-moddasi talablariga muvofiq boʻlmaganda.
