49-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini tuzatish va sharhlash, arbitrajning qoʻshimcha hal qiluv qarori
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Agar taraflar boshqa muddatni kelishib olmagan boʻlsa, istalgan taraf arbitrajning hal qiluv qarori olingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida bu haqda boshqa tarafni xabardor qilgan holda arbitraj sudidan:
1) arbitrajning hal qiluv qarorida yoʻl qoʻyilgan hisob-kitoblardagi, yozuvdagi har qanday xato yoki harfiy xato yoxud shunga oʻxshash boshqa xatolarni tuzatishni;
2) taraflar oʻrtasida tegishli kelishuv mavjud boʻlgan taqdirda, arbitraj hal qiluv qarorining biror-bir aniq bandini yoki qismini sharhlashni iltimos qilishi mumkin.
Agar arbitraj sudi bunday iltimosni asosli deb hisoblasa, iltimos olingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida tegishli tuzatishlarni kiritishi yoki sharh berishi kerak. Bunday sharh arbitraj hal qiluv qarorining tarkibiy qismiga aylanadi.
Arbitraj sudi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan har qanday xatoni arbitrajning hal qiluv qarori sanasidan boshlab oʻttiz kun ichida oʻz tashabbusi bilan tuzatishi mumkin.
Agar taraflar boshqacha shartlashmagan boʻlsa, istalgan taraf bu haqda boshqa tarafni xabardor qilib, arbitrajning hal qiluv qarori olingach oʻttiz kun ichida arbitraj sudidan arbitraj muhokamasi davomida arz qilingan, biroq arbitrajning hal qiluv qarorida aks ettirilmagan talablarga nisbatan qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarishni iltimos qilishi mumkin. Arbitraj sudi, agar iltimosni oʻrinli deb hisoblasa, oltmish kun ichida qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarishi kerak.
Zarur boʻlgan taqdirda, arbitraj sudi xatolarni tuzatish, sharh berish yoki qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarish kerak boʻlgan muddatni taraflarning iltimosiga koʻra, ushbu moddaning birinchi yoki toʻrtinchi qismlariga muvofiq uzaytirishi mumkin.
Arbitrajning hal qiluv qarorini tuzatishga va sharhlashga yoxud qoʻshimcha hal qiluv qaroriga nisbatan ushbu Qonun 47-moddasining qoidalari qoʻllaniladi.
