21-modda. Arbitraj sudining oʻz yurisdiksiyasi toʻgʻrisida qaror chiqarishga doir vakolatlari
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Arbitraj sudi oʻz yurisdiksiyasi toʻgʻrisida, shu jumladan arbitraj kelishuvining mavjudligi yoki haqiqiyligi borasidagi har qanday eʼtiroz boʻyicha oʻzi qaror chiqarishi mumkin. Ushbu maqsad uchun shartnomaning tarkibiy qismi boʻlgan arbitraj sharti shartnomaning boshqa shartlariga bogʻliq boʻlmagan kelishuv sifatida talqin qilinadi. Arbitraj sudi tomonidan shartnomaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida qaror chiqarilishi arbitraj shartining qonunga koʻra haqiqiy emasligini keltirib chiqarmaydi.
Arbitraj sudining yurisdiksiyasi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ariza daʼvo boʻyicha eʼtirozlar taqdim etilishidan oldinroq berilishi mumkin. Taraf tomonidan arbitrning tayinlanishi yoki arbitrni tayinlashda uning ishtirok etishi tarafni bunday arz qilish huquqidan mahrum etmaydi. Arbitraj sudi oʻz vakolati doirasidan chetga chiqayotganligi toʻgʻrisida arz qilish tarafning fikricha ushbu doiradan chetga chiqilayotgan masala arbitraj muhokamasi jarayonida qoʻyilishi bilanoq amalga oshirilishi kerak. Arbitraj sudi kechikib berilgan arizani har qanday shunday hollarda, agar u kechikishni uzrli deb hisoblasa, qabul qilishi mumkin.
Arbitraj sudi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan ariza boʻyicha qarorni dastlabki xususiyatga ega boʻlgan masala yuzasidan yoki nizoni mazmunan hal qilish chogʻida chiqarishi mumkin. Agar arbitraj sudi dastlabki xususiyatga ega boʻlgan masala yuzasidan oʻzi yurisdiksiyaga ega ekanligi toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, istalgan taraf ushbu qaror toʻgʻrisida bildirishnoma olingandan keyin oʻttiz kun ichida suddan mazkur masala boʻyicha qaror chiqarilishini iltimos qilishi mumkin va bunday qaror ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas; bunday iltimos hal etilayotgan vaqtda arbitraj sudi arbitraj muhokamasini davom ettirishi hamda arbitrajning hal qiluv qarorini qabul qilishi mumkin.
