64-modda. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatish
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.
Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Siyosiy partiyalar deputatlikka oltmish besh nafar nomzod, yaʼni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod koʻrsatishga vakolatlidir. Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib koʻrsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.
Ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerak.
Siyosiy partiyalar oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib koʻrsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
