60-modda. Takroriy saylovni oʻtkazish asoslari va tartibi
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Joʻqorgʻi Kenges deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
agar saylov okrugi boʻyicha saylov oʻtmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;
agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan boʻlsa;
agar saylov okrugi boʻyicha koʻpi bilan ikki nomzod qoʻyilgan boʻlsa va ulardan hech biri saylanmagan boʻlsa.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirigʻiga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishli saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan oʻtkazilishi zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni oʻtkazish uchun tuzilgan oʻsha saylov uchastkalarida va saylovchilarning oʻsha roʻyxatlari boʻyicha oʻtkaziladi.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlarining va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, nomzodlarni roʻyxatga olish va boshqa tadbirlar ushbu Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
