26-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis oʻtkazilayotgan kundagi komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli boʻladi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi boʻlmagan komissiya aʼzolari alohida fikrini bayon etishga haqli boʻlib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.
Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi yoki boshqa aʼzosi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylov oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashishi, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun kerakli boʻlgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.
Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qoʻyilgan masalani koʻpi bilan uch kunlik muddatda koʻrib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug hamda uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin oʻz faoliyatini tugatadi.
Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinganidan keyin oʻz faoliyatini tugatadi.
