25-modda. Saylov komissiyasi aʼzolariga qoʻyiladigan talablar
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar tuman va shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Boshqa saylov komissiyalarining aʼzolari, siyosiy partiyalarning aʼzolari, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas.
Komissiya aʼzosi shaxsiy arizasiga koʻra, shuningdek vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda, oʻz vazifalarini bajarishdan ozod etilishi mumkin.
Komissiya aʼzosi ushbu Qonun talablarini buzgan yoki zimmasidagi majburiyatlariga muntazam ravishda eʼtiborsizlik qilgan taqdirda, uni vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan organga tegishli boʻladi.
Zarur boʻlgan taqdirda, ushbu Qonunda belgilangan tartibda saylov komissiyasining yangi aʼzosi saylanadi.
