20-modda. Tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlari
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Tuman, shahar saylov komissiyasi:
tegishli hududda ushbu Qonunning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi xamda saylovni tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;
tegishli mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi hamda ushbu okrug komissiyasi joylashgan yer toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
tegishli mahalliy Kengashga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarini shakllantiradi va komissiya tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
tegishli saylov komissiyalarining faoliyatini yoʻnaltirib boradi, ularning tarkibiga oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi, agar okrug va uchastka saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Qonunga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki tuman, shahar prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qilishi mumkin;
deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;
deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi;
deputatlikka nomzodlar saylov kampaniyasida ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;
pul mablagʻlarini tegishli saylov komissiyalari oʻrtasida taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;
tegishli mahalliy Kengash sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar roʻyxatlarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, oʻz muhrining, saylovga oid boshqa hujjatlarning shakllarini tasdiqlaydi va tayyorlanishini taʼminlaydi;
siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;
tegishli mahalliy Kengashga oʻtkazilgan saylov yakunlarini chiqaradi, saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi, saylov yakunlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va saylangan deputatlarning roʻyxatlarini matbuotda eʼlon qiladi (hammaga maʼlum qiladi);
deputatlarga tegishli mahalliy Kengash deputati guvohnomasini va koʻkrak nishonini beradi;
