11-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan munosabatlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (524-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirilishini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishi talab qilinadigan masalalarga doir takliflarini koʻrib chiqadi, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining bajarilish jarayonini nazorat qiladi, ularning amalga oshirilishi yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif qilish hamda ularning axborotlarini eshitishga haqli;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi, bunda chiqib qoladigan bahsli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat devonining soni va namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonun hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini toʻxtatib qoʻyish hamda ularni bekor qilishga haqli.
